Kontent qismiga oʻtish

Antraknozlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Antraknozlar (yunoncha: anthrax — koʻmir, nosos — kasallik) — oʻsimliklarning poya, barg va mevalarida Gloeosporium, Colletotrichum va Kabatilla urugʻlariga mansub parazit zamburugʻlar qoʻzgʻatadigan kasallik. Antraknozlar kasalligi asosan donli, mevali, poliz ekinlari (beda, noʻxat, behi, olma, tok, anjir, yongʻoq, qovun, tarvuz, uzum, smorodina, malina, bodom, zigʼir), sitrus oʻsimliklari, choy va boshqalarlarda uchraydi. Oʻsimlikning barg, meva, novda, ildiz qismlarini zararlaydi. Barg va tugunchalar toʻkilib ketadi, meva sifati keskin pasayadi. Antraknozlar bilan kasallangan bargda qoramtir hoshiyali toʻgarak qoʻngʻir dogʻlar paydo boʻladi, novda va mevada paydo boʻlgan dogʻ usti botiq, pushtisimon gʻubor bilan qoplanadi, keyinchalik yoriladi, yara hosil qiladi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi yozda konidiya holida rivojlanadi, sporalari zararlangan urugʻlik, oʻsimlik qoldiqlari orqali yuqadi, suv yoki hasharotlar, kamdan-kam shamol orqali tarqaladi. Yoz namgarchilik kelgan yillarda Antraknozlar avj oladi. Bu zamburugʻ sporalari nam havoda va harorat 20 — 24° boʻlganda yaxshi rivojlanadi, harorat 28 — 30° ga yetganda rivojlanishi susayadi. Antraknozlar kasalligi poliz ekinlaridan qovun va tarvuz uchun juda xavfli. Antraknozlar bilan kasallangan poliz ekinlarining yosh nihollari, barglari, poya va mevalari zararlanadi, don-dukkakli ekinlarning ildiz boʻgʻzi, urugʻpallasi va yer ustki qismlari zararlanadi. Toklarda uchraydigan Antraknozlar ham xalq xoʻjaligiga katta zarar yetkazadi. Tok barglari, meva va poyalari zararlanadi. Barglarda yirik jigarrang, mevasida qoʻngʻir doglar paydo boʻladi. Toklardagi Antraknozlar kasalligi koʻproq Oʻrta Osiyo va Zakavkaze respublikalarida tarqalgan. Gʻoʻza antraknozi Yevropa, Osiyo, Afrika, Markaziy va Janubiy Amerika, Avstraliya va Okeaniyada uchraydi. Oʻzbekistonda uchramaydi va karantin ob’ekti hisoblanadi. Kurash choralari: kasallikka chidamli navlarni ekish, daraxt va buta oʻsimliklarning zararlangan shoxlarini kesish va yoqish; sogʻlom va dorilangan urugʻlikni ekish; oʻsimliklarga kasallik avjiga qarab bordo suyukligi yoki ruxsat etilgan fungitsidlarni sepish.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil