Kontent qismiga oʻtish

Hanswurst

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Hanswurst
„Nemis xalq teatri“ obrazi

Hanswurst qoʻgʻirchoq teatri va xalq tomoshalarida
Ilk bora koʻringan 1494-yil (yozma manbalarda)
Muallif(lar) Xalq ijodi
Qaysi asardan adaptatsiya qilingan Joseph Anton Stranitzky (1712)
Umumiy maʼlumotlar
Toʻliq ismi Hans Wurst
Laqabi Yogʻli Hans / Kolbasa Hans
Irqi Inson
Jinsi Erkak
Kasbi Masxaraboz, dehqon
Kelib chiqishi Olmoniya, Avstriya
Millati Nemis

Hanswurst (yoki Hans Wurst) — nemis tilida soʻzlashuvchi xalqlar improvizatsiya komediyasining anʼanaviy, qoʻpol va hajviy qahramoni. Nemis tilidan soʻzma-soʻz tarjima qilinganda „Yogʻli Hans“ yoki „Kolbasa Hans“ („Johnny Sausage“) degan maʼnoni anglatadi. Tadqiqotchi Richard Pischelning taʼrifiga koʻra, Hanswurst — „yarim axmoq, yarim ayyor, gohida tentak, gohida hamma narsani biladigan, tadbirli va qoʻrqoq, oʻzidan mamnun va quvnoq kishi boʻlib, u sharoitga qarab oʻzining u yoki bu xususiyatini namoyon qiladi“[1]. XVI va XVII asrlar davomida u qishloq karnavallari teatrlarida va sayyor truppalarda asosiy masxaraboz personaj boʻlib xizmat qilgan.

Ushbu ism yozma manbalarda birinchi marta 1494-yilda Sebastian Brantning „Axmoqlar kemasi“ (Ship of Fools) asarining quyi nemischa versiyasida paydo boʻlgan. „Hanswurst“ atamasi uzoq vaqt davomida nafaqat personaj nomi, balki haqorat va masxara sifatida ham ishlatilgan. Martin Lyuter 1541-yilda yozgan „Wider Hans Worst“ (Hanswurstga qarshi) nomli risolasi orqali katolik gersogi Henry of Brunswickka qarshi hujum qilgan va unga nisbatan ushbu haqoratli nomni qoʻllagan[2].

1712-yilda Venada yashagan aktyor Joseph Anton Stranitzky Hanswurst rolini rivojlantirdi va uni ommalashtirdi[3]. Teatr tarixchisi Otto Rommel buni Vena xalq teatrining tugʻilishi deb hisoblagan. Stranitzky ijrosidagi Hanswurst Zalsburg dehqonlari kabi keng qirrali shlyapa va oʻziga xos libos kiygan. Uning yumori koʻpincha ochiq-oydin va qoʻpol xarakterda boʻlgan[4].

Hanswurst bahsi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1730-yillarda nemis adabiyotshunosi Johann Christoph Gottshed va aktrisa Friederike Caroline Neuber nemis sahnasini Hanswurst kabi qoʻpol qahramonlardan tozalashga intilishgan. Ular nemis komediyasining sifatini va ijtimoiy nufuzini oshirish maqsadida Hanswurstni sahnadan „haydash“ (ramziy maʼnoda yoqib yuborish) marosimini oʻtkazishgan[5]. Bu harakat ayniqsa Venada katta qarshilikka uchragan. Shunga qaramay, bu voqea nemis teatri tarixida xalqona improvizatsiyadan zamonaviy burjua adabiy teatriga oʻtishning ramziy lahzasi sifatida koʻriladi[6].

Keyingi rivojlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oxirgi mashhur Hanswurst ijrochisi Franz Schuch boʻlib, u bu qahramonni italiyalik Arlekin (Harlequin) obrazi bilan birlashtirdi[7]. XVIII asr oxiriga kelib Hanswurst urfdan qoldi va asosan qoʻgʻirchoq teatrida saqlanib qoldi. Uni Pancho yoki Staberrl kabi boshqa hajviy qahramonlar almashtirdi. Iosif II davrida improvizatsiya qilingan komediyalar taqiqlandi va teatr koʻproq qatʼiy adabiy asarlarga yoʻnaltirildi. 1775-yilda 26 yoshli Johann Wolfgang von Goethe „Hanswurstning toʻyi“ nomli fars yozgan boʻlsa, 1892-yilda aktyor Lyudvig Gottsleben Vena koʻrgazmasida oxirgi marta Hanswurstni jonlantirdi.

1941-yilda suratga olingan „Komediantlar“ nomli nemis filmida nemis milliy shoiri Lessingning qoʻpol va ogʻzi buzuq Hanswurstga qarshi gʻalabali kurashi tasvirlangan. Tarixiy Lessing esa oʻz asarlarida Hanswurstni teatrdan haydashni „eng katta masxarabozlik“ deb atagan edi[8].

  1. Pischel, Richard. The Home of the Puppet Play. London: Luzac & Company, 1902. p. 22
  2. Lohse, Bernhard. Martin Luther: an introduction to his life and work. Fortress Press, 1980. p. 87
  3. Encyclopædia Britannica Online. Joseph Anton Stranitzky. 2011
  4. Wagner, Irmgard. Das Wiener Volksstück. Americangoethesociety.org. p. 4
  5. Mitchell, Phillip Marshall. Johann Christoph Gottsched (1700–1766): harbinger of German classicism. Columbia, SC, 1995. p. 45
  6. Jürs-Munby, Karen. Hanswurst and Herr Ich: Subjection and Abjection in Enlightenment Censorship of the Comic Figure. p. 125
  7. Encyclopædia Britannica Online. Franz Schuch. 2011
  8. Jürs-Munby, Karen. Hanswurst and Herr Ich: Subjection and Abjection in Enlightenment Censorship of the Comic Figure. p. 125