Kontent qismiga oʻtish

Jerry of the Islands

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Jerry of the Islands

Dastlabki nashr muqovasi
Muallif(lar) Jack London
Mamlakat Amerika Qoʻshma Shtatlari
Til inglizcha
Janr(lar)i Ilmiy-badiiy adabiyot
Nashr etilgan sanasi 1917
Nashriyot The Macmillan Company
Sahifalar soni 348
ISBN 978-1589635012 (2002-yilgi nashr)
Keyingisi Michael, Brother of Jerry

„Jerry of the Islands: A True Dog Story“ – amerikalik yozuvchi Jack Londonning romani[1]. Asar ilk bor 1917-yildanashr etilgan boʻlib, bu Londonning soʻnggi asarlaridan biri hisoblanadi. Roman voqealari Malaita orolida — Solomon orollari arxipelagining bir qismi boʻlgan hududda kechadi. Bu orol 1893-yilda Britaniya protektoratiga aylangan. Asarning bosh qahramoni — irland teryer zotiga mansub Jerry laqabli it. U Michael laqabli boshqa itning ukasi boʻlib, Jack London keyinchalik unga bagʻishlab Michael, Brother of Jerry nomli alohida roman ham yozgan.

Asar yaratilish tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Irland teryeri zoitga mansub it.

Muqaddimada Jack London oʻzi sayohat qilgan Minota kemasi haqida soʻz yuritadi. Bu kema Solomon orollari yaqinida halokatga uchragan edi. Halokatdan soʻng Eugenie kemasining kapitani Kellar Jack Londonga yordam berib, uni qutqaradi, biroq keyinchalik kapitan kaniballar qoʻlida halok boʻladi. London, shuningdek, Britaniya Solomon orollari rezident-komissari C. M. Woodforddan olgan maktubi haqida ham yozadi. Bu maktubda Woodford qoʻshni orolda oʻtkazilgan jazolash ekspeditsiyasi haqida maʼlumot bergan. Ekspeditsiyaning ikkinchi maqsadi esa Jack Londonning halok boʻlgan doʻstlarining jasadlarini izlash boʻlgan. Minota kemasidagi sayohat vaqtida Jack London va uning rafiqasi Peggy ismli irland teryer zotiga mansub itni topishadi. Ular Peggyni shunchalik yoqtirib qolishadiki, kema halokatidan soʻng Londonning rafiqasi itni yashirincha oʻgʻirlab olib ketadi.

Jerry Santa Isabel orolida, yaʼni Solomon orollari arxipelagining bir qismida tugʻilgan. Uning egasi Mr. Haggin boʻlib, u plantatsiyada qoʻriqchi sifatida ishlagan va Jerryni qora qullarni quvish uchun ishlatgan. Haggin keyinchalik Jerryni Arangi kemasining kapitani Mr. Van Hornga topshiradi, biroq shart qoʻyadi: agar biror yomon kor-hol yuz bersa, itni qaytarib berish kerak boʻladi. Arangi kemasi plantatsiyalarda uch yil ishlash uchun aldov yoʻli bilan olib kelingan ishchilarni tashish bilan shugʻullangan. Kema Malaita orolida toʻxtaganida, mahalliy aholining hujumiga uchraydi, natijada kapitan va kemachi oʻldiriladi. Jerryni kemadan tepib tushirishadi, kema esa talon-toroj qilinib, yoqib yuboriladi. Jerryni dengizda bir bola topib, qirgʻoqqa olib chiqadi. Keyinchalik uni qishloqqa olib boradi. U yerda qabila boshligʻi Bashto Jerryni mahalliy it zotini yaxshilash uchun ishlatishga qaror qiladi. Jerryga tabu (muqaddas, tegilmas) maqomi beriladi va u qabila orasida yashay boshlaydi.

Jerry mahalliy sehrgar Agno uni qurbonlik qilishga qaror qilmaguncha tinchgina hayot kechirardi. Agno Jerryning tabu maqomini yengish uchun uni muqaddas megapoda qushiga hujum qilishga undaydi, chunki bu qush ham tabu hisoblanardi. Jerry boshliq Bashta uchun saqlanayotgan qush tuxumlarini oʻgʻirlaydi. Toʻrtinchi qushni oʻldirayotganda uni koʻrib qolishadi. Qushning tabu maqomi Jerrynikidan yuqori boʻlgani uchun, itni qurbon qilish mumkin boʻladi. Biroq, keksa koʻr Nalasu kutilayotgan qasosdan oʻzini himoya qilish maqsadida Jerryni bitta choʻchqa evaziga sotib oladi.

Oradan koʻp oʻtmay, qishloq Arangi kemasining yoʻqotilishi uchun jazolash maqsadida britanlar tomonidan bosqinga uchraydi va butunlay vayron qilinadi. Bu hujumda Nalasu halok boʻladi, Jerry esa qochib, oʻrmon ichiga yashirinadi. U uzoq vaqt oʻrmonda yashaydi, lekin keyinchalik odamlarni izlay boshlaydi. Qirgʻoqqa chiqib, uzoqdan bir kemani koʻradi va u Arangi deb oʻylab, qadrdon kapitani Van Hornni yana koʻrish umidida dengizga sakraydi. Ammo bu aslida dunyo boʻylab sayohat qilayotgan Ariel yaxtasi boʻladi. Kema bortidagi odamlar suvda kurashayotgan itni payqab, uni qutqarib olishadi.

Ekipaj aʼzolaridan biri itni tanib qoladi va bu Santa Isabel orolidagi Mr. Hagginning iti ekanini aytadi. Oradan koʻp oʻtmay, Ariel yaxtasi Tulagi portiga yetib keladi. U yerda komissar Mr. Hagginni taniydi va unga xabar yuboradi. Mr. Haggin boshqa it — Michael (Jerryning ukasi) bilan orolga suzib keladi. Shu tariqa ikki aka-uka it Jerry va Michael bir-birini topishadi, ammo atigi oʻn kun oʻtib, yana ajralib ketishadi. Jerry Ariel yaxtasi egasi Villa bilan birga ketadi, Michael esa orolda qoladi. Oradan bir necha yil oʻtib, ular yana Kaliforniyada uchrashishadi[2].

  1. ↑ „Jerry of the Islands: A True Dog Story by Jack London“. Goodreads. goodreads.com. Qaraldi: 2016-yil 29-iyun.
  2. ↑ „JERRY OF THE ISLANDS New York, The Macmillan Company, 1917.“. Sonoma State University. london.sonoma.edu. 2017-yil 8-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 29-iyun.