Shahzoda Korkut
| Shahzoda Korkut | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| Tugʻilishi |
tax. 1469 Amasya tumani, Usmoniylar imperiyasi | ||||
| Vafoti |
1513-yil 13-mart Emet, Usmoniylar imperiyasi | ||||
| Dafn etilgan joy | |||||
| Farzandlari |
Ikki o‘g‘il Fotima Sulton Ferahshod Sulton | ||||
| |||||
| Uy | Usmoniylar uyi | ||||
| Otasi | Boyazid II | ||||
| Onasi | Nigor xotun | ||||
| Dini | Islom, sunniylik | ||||

Shahzoda Korkut (usmonli turkcha: شاهزاده کورکوت; tax. 1469-yilda tugʻilgan — 1513-yil 13-martda vafot etgan) — qisqa muddat regent boʻlgan Usmoniy shahzoda. Usmoniylar sultoni Boyazid II ning oʻgʻli.
Yoshligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahzoda Korkutning 1469-yilda Amasyada tugʻilgani maʼlum boʻlsa-da, manbalarda tugʻilgan yiliga doir aniq qayd yoʻq. U sulton Boyazid II va Nigor xotunning oʻgʻli boʻlgan[1]. Asarlaridan birida u oʻz ismini Abulhayr Mehmed Korkut deb yozagan. Rasmiy hujjatlarda esa faqat Korkut ismidan foydalangan. 1479-yilda bobosi Mehmed II Korkutni boshqa aka-ukalari bilan birga sunnat qildirish uchun Istanbulga yuborgan. Bobosining vafotidan soʻng otasi poytaxtga yetib kelgunicha u qisqa muddat regent boʻlib turgan[1]. U sulton Mehmedning eng sevimli nabirasi boʻlib, sulton Korkutning saroyida eng puxta taʼlim olishini taʼminlagan[2]. Shahzoda diniy mavzularda yuksak baholangan olti asar va sheʼrlar toʻplamini yozgan, shuningdek, musiqa asarlarini ham yaratgan[2].
Hokim sifatida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Usmoniylar anʼanasiga koʻra, barcha shahzodalar tayyorgarlikning bir qismi sifatida viloyat (sanjak) hokimlari (sanjakbey) boʻlib xizmat qilishi shart edi. 1491-yilda Korkut Saruhan sanjagi (hozirgi Turkiyaning Manisa shahri) hokimi etib tayinlandi. 1502-yilda u Oʻrta yer dengizi sohilidagi port boʻlgan Teke (hozirgi Turkiyaning Antaliya shahri) hududi hokimi etib tayinlandi. Antaliya Istanbuldan Manisaga nisbatan ancha uzoq boʻlgani uchun Korkut bu tayinlovni otasining unga nisbatan sovuqqonligining belgisi sifatida talqin qildi. U avvalgi xizmatiga tayinlanishini soʻradi, biroq bu soʻrov rad etilgach, 1509-yilda haj bahonasi bilan Mamluklarga qarashli Misrga qochib ketdi. Misr mamluklar hukmronligi ostida boʻlib, mamluk sultonlari Korkutni yaxshi kutib oldi. Otasi buni Korkutning beparvoligi alomati deb hisobladi, ammo uni afv etdi va Korkut Usmoniy yerlariga qaytdi[3][4]. Uyga qaytish safari chogʻida Kiprda joylashgan Gospitalyer ritsarlari uning kemasiga hujum qilib, uni asir olishga urindi, biroq Korkut ritsarlardan qutulib, omon-eson uyiga qaytdi.
Taxtsizlik davrining boshlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sulton Boyazid yoshi oʻtgan va xastalanib qolgan edi. Korkut poytaxtga yaqinroq boʻlish maqsadida Manisaga koʻchishga qaror qildi. Bu safar davomida uning xazinasining bir qismi Shahqulu qoʻzgʻolonchilari tomonidan talon-toroj qilindi. Soʻngra u yashirincha Istanbulga yoʻl oldi, u yerda aka-ukalari oʻrtasida yuz beradigan taxt uchun kurash jarayoniga aralashish va unda ishtirok etish niyatida edi. Biroq poytaxtda uning deyarli hech qanday tarafdori topolmadi. U akasi Salim bilan uchrashdi. Salim uni oʻz sanjagiga qaytishga koʻndirdi. Shundan soʻng Korkut taxtga boʻlgan barcha daʼvolaridan voz kechdi va ikki aka-ukasi (Shahzoda Ahmed va Salim I) oʻrtasidagi fuqarolar urushida ishtirok etmadi.
Oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Salim I (Yovuz taxallusi bilan tanilgan) 1512-yilda Usmoniylar imperiyasi sultoniga aylandi. Korkut akasining hukmronligini darhol tan oldi. Shunga qaramay, nisbatan ishonch bildira olmagan Salim ukasining sadoqatini sinashga qaror qilib, saltanatning turli amaldorlari nomidan oʻziga qarshi qoʻzgʻolonga qoʻshilishga undovchi soxta xatlar yubordi. Shundan soʻng Korkutning isyon koʻtarishga hozirlik koʻrayotganini sezgan Salim 1513-yilda uni Emet hududi yaqinida (Turkiyaning Kütahya shahri atrofida) qatl ettirdi. U oʻlimidan soʻng Bursada sulton Oʻrxon I maqbarasiga dafn etildi[5].
Avlodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahzoda Korkutning joriyalarining ismlari nomaʼlum, biroq uning kamida ikki nafar joriyasi boʻlgan boʻlishi kerak. Chunki uning ikki oʻgʻli bor edi (oʻsha davrda joriya shahzoda yoki sulton toʻshagidan chetlatilishidan oldin faqat bir oʻgʻil koʻrishi mumkinligi boʻyicha qoida mavjud edi).
Oʻgʻillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahzoda Korkutning 2 oʻgʻli boʻlgan, ikkalasi ham goʻdakligida vafot etgan. Ularning ismlari, tugʻilgan va vafot etgan sanalari nomaʼlum.
Qizlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahzoda Korkutning kamida 2 qizi boʻlgan:
- Fotima Sulton (?–?) Ali Beyga turmushga chiqqan.
- Ferahshod Sulton (?–?) avval Malkoçoğlu Ali Beyga, ikkinchi bor Mehmed Bey afandiga turmushga chiqqan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1 2 3 Emecen, Feridun. KORKUT, Şehzade (tr). Ankara: TDV İslâm Ansiklopedisi, 2002 — 205-207-bet. ISBN 978-97-53-89406-7.
- 1 2 3 M. Uğur Derman, Letters in Gold: Ottoman Calligraphy from the Sakıp Sabancı Collection, Istanbul, New York, Metropolitan Museum of Art, 1998, p. 50
- ↑ .Prof. Yaşar Yüce-Prof. Ali Sevim: Türkiye tarihi Cilt II, AKDTYKTTK Yayınları, Istanbul, 1991 pp. 220–227
- ↑ Joseph von Hammer: Osmanlı Tarihi cilt I (condensation: Mehmet Ata-Abdülkadir Karahan), Milliyet yayınları, Istanbul. p. 243
- ↑ Derman, M. Uğur; N.Y.), Metropolitan Museum of Art (New York; Art, Los Angeles County Museum of. Letters in Gold: Ottoman Calligraphy from the Sakıp Sabancı Collection, Istanbul (en). Metropolitan Museum of Art, 1998. ISBN 978-0-87099-873-7.